PDD Imtihon

176-band

176. Transport vositalariga taniqlik belgilari oʻrnatilishi kerak: “Avtopoyezd” — yuk avtomobillari va gʻildirakli traktor (1,4 tonna va undan yuqori)larda tirkama boʻlganda, shuningdek tutashtirilgan avtobus va trolleybus kabinalari tomining old qismi oʻrtasiga bir qator qilib 150 dan 300 millimetrgacha oraliqda koʻndalang joylashgan uchta zargʻaldoq rangli chiroq yoki ichidan yoritiladigan, tomonlarining har biri 250 millimetr boʻlgan sariq rangli uchburchak shaklidagi belgi; “Turumlangan” (tishli, shipli) — turumlangan shinali mexanik transport vositalarining orqasida — ichiga qora rangda “T” harfi tushirilgan, qizil hoshiyali, oq rangli uchi yuqoriga yoʻnaltirilgan teng tomonli uchburchak koʻrinishida. Uchburchakning tomonlari 200 millimetrdan kam boʻlmasligi, hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak; “Bolalar guruhini tashish” — bolalar guruhini tashkiliy tashishda, transport vositasining old va orqa tomonlariga qizil hoshiyali, ichiga 1.21 yoʻl belgisidagi bolalar timsolining tasviri tushirilgan, sariq rangdagi, tomonlari teng boʻlgan toʻrtburchak (kvadrat) koʻrinishidagi belgi. Toʻrtburchakning tomonlari 250 — 300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi toʻrtburchak tomonining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak; “Kar haydovchi” — kar-soqov yoki kar haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomonlarida — ichiga uchi pastga yoʻnalgan hayoliy teng tomonli uchburchakning burchaklari boʻyicha diametri 40 millimetr boʻlgan uchta qora doira tushirilgan, diametri 160 millimetrni tashkil etadigan sariq rangli doira koʻrinishida; “Boshqarishni oʻrgatish uchun moʻljallangan mexanik transport vositasi” — boshqarishni oʻrgatishda foydalaniladigan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — ichiga qora rangda “Oʻ” harfi tushirilgan, tomonlari 200 millimetrdan 300 millimetrgacha boʻlgan qizil hoshiyali, oq rangli, uchi yuqoriga yoʻnalgan teng tomonli uchburchak koʻrinishida. Belgi hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak; “Tezlik cheklangan” — bolalar guruhini tashkiliy tashishni amalga oshirayotgan, ogʻir vaznli, xavfli va katta oʻlchamli yuklarni tashiyotgan, shuningdek, transport vositasining texnik tavsifnomasida koʻrsatilgan eng yuqori tezligi Qoidalarning 78, 79 va 80-bandlarida belgilangan tezlikdan kam boʻlgan hollarda, mexanik transport vositalari kuzovi orqa devorining chap tomoniga 3.24 — “Yuqori tezlik cheklangan” yoʻl belgisining kichraytirilgan, rangli tasviri tushirilgan koʻrinishidagi belgi. Belgining diametri 160 millimetrdan kam boʻlmasligi, hoshiyasining kengligi belgi diametrining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak; “Xavfli yuk” — xavfli yukni tashiyotgan transport vositasining old va orqa tomoniga oʻrnatilgan oʻlchami 690 x 300 millimetr, oʻng qismi 400 x 300 millimetr boʻlgan zargʻaldoq rangli, chap qismi esa yukning xavfli xususiyatini bildirib turgan belgilar tushirilgan qora hoshiyali (kengligi 15 millimetr) oq rangdagi toʻrtburchak shaklidagi belgi (ushbu Qoidalarga 4-ilova); “Katta oʻlchamli yuk” — ichiga kengligi 50 millimetrli, diagonal boʻyicha navbatma-navbat qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, yorugʻlik qaytaradigan yuzali, oʻlchami 400 x 400 millimetrli toʻrtburchak shaklidagi belgi; “Uzun oʻlchamli transport vositasi” — yukli va yuksiz uzunligi 20 metrdan oshadigan transport vositasining, ikki yoki undan koʻproq tirkamali avtopoyezdlarning orqasida — kengligi 40 millimetr boʻlgan qizil hoshiyali, oʻlchami 1200x200 millimetr boʻlgan, sariq rangli, nur qaytaruvchi toʻrtburchak shaklidagi belgi. Koʻrsatilgan oʻlchamli belgini joylashtirishning imkoniyati boʻlmasa, bir xil ikkita 600x200 millimetr oʻlchamdagi belgini transport vositasining oʻqiga simmetrik ravishda oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi; “Avariya sababli toʻxtash” — davlat standarti talablari asosidagi uchburchak shaklidagi belgi; Haydovchining xohishiga koʻra taniqlik belgilari oʻrnatilgan boʻlishi mumkin: “Shifokor” — shifokor-haydovchilar boshqarayotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — tomonlari 140 millimetr boʻlgan, koʻk rangli, ichida diametri 125 millimetrli oq doiraga balandligi 90 millimetr, chizigʻining kengligi 25 millimetr boʻlgan qizil xoch tushirilgan kvadrat koʻrinishidagi belgi; “Nogironligi boʻlgan shaxs” — birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs boshqarayotgan, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni yoki nogironligi boʻlgan bolalarni tashiyotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — barcha tomonlari 150 millimetrdan boʻlgan va ichiga 7.17 yoʻl belgisining qora rangli timsoli tushirilgan sariq rangli kvadrat koʻrinishidagi belgi; “Haydovchilikni endi boshlagan” — “Haydovchilik malakasi yetarli boʻlmagan” haydovchilik staji 2 yildan kam boʻlgan haydovchilar boshqarayotgan mexanik transport vositalarining (traktorlar, oʻziyurar mashinalar mototsikl, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlardan, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalaridan tashqari) orqasida — ichiga qora rangli 110 millimetr balandlikdagi “!” belgisining tasviri tushirilgan, sariq rangli, tomonlari 150 millimetr boʻlgan kvadrat koʻrinishidagi belgi. (176-bandning oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son) Ushbu bandda nazarda tutilgan taniqlik belgilardan boshqa taniqlik belgilarini oʻrnatish, shuningdek, transport vositasining kuzovi va oynalariga turli xil yozuvlar kiritish taqiqlanadi, transport vositasining kuzoviga reklama maqsadlarida belgilangan tartibda yozuvlar kiritish bundan mustasno.

Manba: lex.uz \u2014 aynan shu band · Kuchga kirgan:

Tegishli mavzular

Shu bobdagi boshqa bandlar