67. Aholi punktlaridan tashqaridagi yoʻllarda hamda aholi punktlarida ayrim turdagi transport vositalari uchun ushbu Qoidalarda belgilangandan yuqori tezlikda harakatlanish ruxsat etilgan yoʻl qismlarida haydovchilar transport vositalarini mumkin qadar qatnov qismining oʻng chetiga yaqinroq olib harakatlanishlari kerak. Oʻng tasmalar boʻsh boʻlganda chap tasmalarni egallash taqiqlanadi.
Aholi punktlarida ushbu bandning birinchi xatboshi va ushbu Qoidalarning 69, 123 va 161-bandlaridagi talablarni hisobga olgan holda, haydovchilar oʻzlariga qulay boʻlgan harakatlanish boʻlagidan foydalanishlari mumkin. Harakatlanish serqatnovligi sababli boshqa tasmalar band boʻlganda harakatlanish qatorini faqat oʻngga yoki chapga burilish, qayrilib olish, toʻxtash yoki toʻsiqni aylanib oʻtish uchun oʻzgartirishga ruxsat etiladi.
Biroq, bir yoʻnalishdagi uch va undan ortiq tasmali har qanday yoʻlda chetki chap qatorni harakat serqatnovligi sababli boshqa boʻlaklar band boʻlgan hollarda, shuningdek, quvib oʻtish, chapga burilish yoki qayrilib olishga, yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun chetki chap qatorni egallashga ruxsat etiladi.
Boshqa hollarda yuk avtomobillariga yoʻlning chetki chap qatorida harakatlanish taqiqlanadi.
Harakat bir tomonlama boʻlgan yoʻlning chap boʻlagida toʻxtash va toʻxtab turish ushbu Qoidalarning 88-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.