15. Piyodalar trotuarlardan, piyodalar yoʻlkalaridan, piyoda va velosiped yoʻlkalaridan, ular boʻlmaganda esa yoʻl yoqalaridan harakatlanishi kerak. Hajmi katta yuklarni olib ketayotgan piyodalar, shuningdek, nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan shaxslarning trotuarlar yoki piyodalar yoʻlkalaridan harakatlanishi boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan boʻlsa, ular qatnov qismining chetidan harakatlanishi mumkin.
Trotuarlar, piyodalar yoʻlkalari, piyoda va velosiped yoʻlkalari yoki yoʻl yoqalari boʻlmasa yoxud ulardan harakatlanishning imkoniyati boʻlmagan hollarda, piyodalar velosiped yoʻlkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi mintaqa bor yoʻllarda qatnov qismining tashqi chetidan) bir qator boʻlib harakatlanishlari mumkin.
Qatnov qismi chetida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatlanishiga qarama-qarshi yoʻnalishda yurishlari kerak. Nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, mototsikl, elektromototsikl, moped, skuter, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalari, velosiped va individual harakatlanish vositalarini yetaklab ketayotgan shaxslar esa bunday hollarda transport vositalarining harakatlanish yoʻnalishi boʻylab yurishlari kerak.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son)
Piyodalar yoʻlkasida, trotuarda, yoʻl yoqasida piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan qurilma va toʻsiqlar oʻrnatish taqiqlanadi.