11. Transport vositasining haydovchisi quyidagilarga majburdir:
a) yoʻlga chiqishdan oldin transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va toʻliq jihozlanganligini tekshirishi;
b) harakatlanish vaqtida transport vositasining texnik sozligini taʼminlashi;
v) harakatlanishni boshlashdan oldin yoʻlovchilar transport vositasida joylarini egallaganligiga, transport vositasining eshiklari yopilganligiga, yoʻlovchilar tashish uchun maxsus jihozlangan yuk transport vositalarida yoʻlovchilar tashiyotganda Qoidalarning 24-bandi talablari bajarilganligiga ishonch hosil qilishi;
g) harakatlanish jarayonida boshqa yoʻl harakati ishtirokchilariga, ayniqsa, piyodalar, bolalar, nogironlar, qariyalar, individual harakatlanish vositalari va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini koʻrishi;
(11-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 09/24/806/1002-son)
d) yoʻlovchilarni quyidagilar haqida ogohlantirishi shart:
harakatlanayotgan vaqtda avtomobil salonidan tana qismlarini (qoʻldan tashqari) chiqarish taqiqlanganligi;
transport vositasi harakatlanishni boshlashidan oldin xavfsizlik kamarlarini taqishlari (ushbu Qoidalarning 9-bandiga muvofiq), mototsikl, moped va skuterda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida harakatlanayotganda esa motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarurligi;
(11-band “d” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-martdagi 125-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2026-y., 09/26/125/0297-son)
e) sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda majburiy toʻxtagan transport vositasining haydovchisi taʼmirlash maqsadida yoʻlning qatnov qismiga chiqishdan oldin nur qaytargichli maxsus jilet kiyib olishi (yengil va yuk avtomobili, avtobus va gʻildirakli traktorlar haydovchilari);
yo) IIO xodimlarining talabiga koʻra mastlik holatini aniqlovchi maxsus tekshiruv yoki alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtishi;
j) harakatlanish vaqtida avariya holatini yuzaga keltirmasliklari;
z) quyidagi hollarda foydalanish uchun transport vositasini berishi shart:
IIO, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan xollarda kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarish uchun, shuningdek, yoʻl-transport hodisasi tufayli shikastlangan yoki nosoz transport vositalarini olib ketish (shatakka olish) uchun (faqat yuk avtomobilidan);
yoʻlakay yoʻnalishda kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga hamda zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan fuqarolarni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun.
Xorijiy davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga hamda xalqaro tashkilotlarga tegishli transport vositalari, shuningdek yongʻin uchirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Transport vositasidan foydalangan shaxs haydovchi talab qilganda yoʻl varaqasiga yurilgan vaqtni, bosib oʻtilgan masofani, oʻz ismi-familiyasi, mansabi, ish joyi nomini, yoʻl varaqasi boʻlmagan taqdirda, belgilangan tartibda maʼlumot yoki xabar yozib berishi kerak.
Transport vositalarini tekshirish yoki undan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar haydovchining talabiga muvofiq oʻz xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shart.
Xizmat vaqtida haydovchiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar uning talabiga koʻra qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tiklab beriladi;
i) qonunchilik hujjatlarida talab qilingan hollarda vazn va hajm parametrlarini oʻlchash uchun nazorat joylari (punkt)dan oʻtishi.